Buxoro ixtisoslashtirilgan "Jayron" pitomnigi

Hudud16 522 ga
Turlar267 tur
MuhofazaJayron 1086 bosh
Buxoro ixtisoslashtirilgan "Jayron" pitomnigi davlat tabiatni muhofaza qilish, kamyob hayvon turlarini ko'paytirish ilmiy-tadqiqot muassasasi.
Hudud bo'yicha umumiy ma'lumot: Pitomnik Kogon va Qorovulbozor shaharlari orasida, A-380 avtomagistrali bo'ylab Buxoro viloyatining Buxoro tumani hududida joylashgan. Maydoni 16 522 gektar bo'lib, shundan 1-hudud 5 145 gektar (sim to'siq bilan himoyalangan), 2-hudud 11 377 gektar ochiqlik maydonidan iborat.
Tabiiy sharoiti: Pitomnik hududi Qizilqum cho'lining janubi-g'arbiy qismi, Karnabcho'l massivida joylashgan. Hudud dengiz sathidan o'rtacha 332 m balandlikda bo'lib past tepalikli qumlar, takirlar, sho'rxoklar, gipsli qatlam, toshloqlar va ko'llardan iborat.
1-hududning janubiy qismida turli xil sho'rlanish darajasiga ega 3 ta ko'ldan iborat ko'llar majmuasi mavjud. Ko'llardagi suv Amu-Buxoro kanalidan oqib o'tadigan ariq, yer osti sizot suvlari va yillik yog'in miqdori hisobidan shakllanadi.
2-hududning Kaynagach past tog'i yaqinida yer osti sizot suvlaridan shakllanadigan turli darajadagi sho'rlanishga ega 4 ta kichik tabiiy suvliklar joylashgan.
"Jayron" pitomnigi qurg'oqchil zonada joylashgan bo'lib, keskin kontinental iqlimi bilan ajralib turadi. Havo harorati yozda +43°C, +54°C ga, qishda -16°C, -28°C ga tushishi mumkin. Yillik yog'in miqdori 150-200 mm atrofida.
Florasi: Hududida saksovulzorlar, to'qaylar, tuzli botqoq va takirlar o'simliklari mavjud. Pitomnikda 46 oila, 182 turkumga mansub 267 turdagi yuksak o'simliklar o'sadi.
Faunasi: Pitomnik hududida qushlarning 257 turi, sutemizuvchilarning 36 turi, baliqlarning 8 turi, sudralib yuruvchilarning 18 turi, suvda va quruqlikda yashovchilarning 2 turi, umurtqasizlarning 700 ga yaqin turi uchraydi.
Pitomnikda quyidagi asosiy sutemizuvchi turlari maxsus sharoitlarda ko'paytiriladi: jayron (1086 bosh), turkman quloni (76 bosh), prjeval oti (22 bosh), buxoro tog' qo'yi (38 bosh), buxoro bug'usi (1 bosh).
Ekoturizm maskanlari: Ekologik turizm uchun 8 ta ekomarshrutlar ishlab chiqilgan: voler majmuasi (500 m, 30 daqiqa), voler-kichik tuzli ko'l (2 km, 2 soat), voler-ko'llar-birinchi kuzatuv minorasi (5 km, 4 soat), Amu-Buxoro kanali bo'ylab janubiy yo'l avtomobilda (7 km, 1,5-2 soat), 2-ochiqlik bo'ylab sayohat (40 km, 4-5 soat), Kainagach tog'i piyoda (14 km, 5-6 soat) va kechki/tundagi sayohatlar.
Yaqin aholi yashash punktlari: Pitomnik Qorovulbozor tumani "Cho'lquvar" MFY hududidan 10 km, Kogon shahridan 25 km, Buxoro shahridan 42 km uzoqlikda joylashgan.
Tashrif vaqti: Ish kunlari soat 12:00 dan 20:00 gacha (qishda 17:00 gacha). Dam olish va bayram kunlari soat 09:00 dan 21:00 gacha (qishda 17:00 gacha).
Manzil: 200700, Buxoro viloyati, Kogon shahri.

Asosiy xususiyatlar

  • Umumiy maydoni 16 522 ga
  • 267 tur o'simlik (46 oila)
  • Jayron 1086, qulon 76, prjeval oti 22
  • 8 ta ekomarshrut