"Surxon" davlat qo'riqxonasi

Hudud23 406 ga
Turlar807 tur
Muhofaza25 nodir tur
"Surxon" davlat qo'riqxonasi Ko'hitang tog' tizmasining sharqiy yonbag'irlarida joylashgan. Dengiz sathidan 850-3137 metr balandlikdagi hududni o'z ichiga oladi. Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan bo'lib, g'arbdan Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh.
Umumiy maydoni 23 406,4 gektar bo'lib, qo'riqlanma (bufer) hududi 17 090,6 gektarni tashkil etadi. Qo'riqxonada xorijiy va mahalliy sayyohlarni o'ziga rom etadigan Zaravutsoy ekoturizm maskani mavjud.
Tabiiy sharoiti: Tog' yotqiziqlari ichida paleozoy jinslari ko'p uchraydi. Cho'qqilarning balandligi 1700 m dan 3137 m gacha — Ayribobo cho'qqisi 3137 m. Aksariyat daryolar va soylar tog' tepasidagi qor va buloqlardan boshlanadi. Eng yirik soylar — Kampirtepa, Sherjon va Tangidarasoy. Ularning o'zanlarida sharsharalar mavjud, eng baland sharshara "Machillisoy" 12-13 m.
Florasi: 80 oila, 378 turkumga mansub 807 tur o'simlik aniqlangan.
Faunasi: 194 tur umurtqali hayvon. Sutemizuvchilarning 26 turi (Morxo'r, Buxoro tog' qo'yi, Turkiston silovsini, Yovvoyi cho'chqa, Olaqo'zan, Jayra, Tog' suvsari, Bo'rsiq), qushlarning 137 turi, sudralib yuruvchilarning 24 turi, suvda va quruqlikda yashovchilarning 2 turi. 25 tur hayvon O'zbekiston "Qizil kitobi"ga, 18 turi TMXI "Qizil ro'yxati"ga kiritilgan.
Ekoturizm maskanlari: Buffer hududda 395,6 ga maydonida Zaravutsoy ekoturizm maskani tashkil qilingan. Qizilolma bo'limidagi "Zaravutsoy" hududida turizm uchun xizmatlar va obyektlar (kempinglar, o'tovlar, dam olish va ovqatlanish joylari, selfi nuqtalari, ekomarshrutlar, anshlaglar, panagohlar) qurilmoqda.
Yirik aholi punktlari — Sherobod tumanining Xomkon, Tangi, Xatak, Xo'janqo, Qizilolma, Shalqon, Kampirtepa, Sherjon, Vandob, Tuzkon qishloqlari. Sherobod tumani markazida mehmonxonalar mavjud (qo'riqxonadan 50-60 km). Qo'riqxona Termizdan 120-130 km, tuman markazidan 50-70 km masofada joylashgan.
Tashrif vaqti: Ish kunlari soat 12:00 dan 20:00 gacha (qishda 17:00 gacha). Dam olish va bayram kunlari soat 09:00 dan 21:00 gacha (qishda 17:00 gacha).
Manzil: Surxondaryo viloyati, Sherobod shahri, Ogahiy ko'chasi, 1-uy. Veb-sayt: www.natureareas.uz

Asosiy xususiyatlar

  • Umumiy maydoni 23 406 ga
  • 807 tur o'simlik (80 oila)
  • Morxo'r, Buxoro tog' qo'yi
  • Zaravutsoy ekoturizm maskani